Lug'at haqida
Muallif
Xalilova Maftuna Azamat qizi 2000-yil 27-iyulda Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahrida tug'ilgan. U 10.00.01 - o'zbek tili ixtisosligi bo'yicha Shahrisabz davlat pedagogika institutining tayanch doktoranti.
Ilmiy rahbari - Shahrisabz davlat pedagogika instituti dotsenti, falsafa doktori (PhD) Bobojonov Sharifboy Xudoshukirovich. Lug'at ilmiy rahbarning tavsiyalarini inobatga olgan holda yozilgan.
Lug'at haqida
"Nutqiy kompetentlikni rivojlantirishga yo'naltirilgan o'zbek tili sinonimlarining elektron o'quv lug'ati" nutqda ma'nodosh so'zlarni o'rinli tanlash va to'g'ri biriktirish ko'nikmasini shakllantirish uchun yaratilgan.
U tanlanma xarakterga ega: A harfidan P harfigacha (Abadiylik - Puch) bo'lgan 450 ta lug'at maqolasi, 1554 ta sinonim va taxminan 1970 ta kollokatsiyani o'z ichiga oladi.
Tayanch manbalar
- A. Hojiyev. O'zbek tili sinonimlarining izohli lug'ati. Toshkent: "O'qituvchi", 1974.
- N. Mahmudov tahriri ostida. O'zbek tili sinonimlarining katta izohli lug'ati (I jild). Toshkent: G'afur G'ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2022.
Saralash
Nutqda ko'p qo'llanadigan so'zlardan, asosan ot, sifat va fe'l turkumlariga oid birliklar tanlangan.
Maqola tuzilishi
Har bir maqolada bosh so'z, sinonimlar, uslubiy belgi, kollokatsiyalar, badiiy asardan misol va CEFR darajasi beriladi.
CEFR darajalari
CEFR (Council of Europe, 2001) tilni bilishni A1 dan C2 gacha olti bosqichda tavsiflaydi. Lug'atda darajalar Yevropa standartlariga tayangan holda, asosiy manbalardagi gap namunalari asosida belgilangan.
Daraja so'zning o'ziga emas, uning real nutqiy qo'llanishiga qarab aniqlangan. Darajalar tavsiyaviy xarakterga ega, rasmiy sertifikat darajasi emas.
Nutq uslublari
So'zlarni uslubiy bo'yog'iga ko'ra farqlash o'zbek tilshunosligidagi an'anaviy yondashuvdir. Uslubiy belgilar (badiiy, so'zlashuv, publitsistik, rasmiy, ilmiy, barcha uslublar, eskirgan) namuna gaplar va manbalardagi ta'riflar asosida har bir birlik uchun alohida belgilangan.
Tayanch lug'atlar bilan bir xil jihatlari
- Ma'nodoshlik sinonimik qator doirasida tavsiflanadi.
- Maqolalar bosh so'z bo'yicha alifbo tartibida joylashgan, omonimlar rim raqami bilan ajratilgan.
- So'zlarning uslubiy xoslanishi ko'rsatiladi.
- Misollar o'zbek adabiyotidan olingan.
Tayanch lug'atlardan farqli jihatlari
- Kollokatsiyalar alohida maydon sifatida beriladi.
- Har bir birlikka CEFR darajasi qo'yilgan.
- Lug'at elektron shaklda: qidirish, daraja va uslub bo'yicha saralash imkoni bor.
- Maqsad: keng ommaga mo'ljallangan bosma nashr emas, nutqiy kompetentlikni rivojlantirishga yo'naltirilgan o'quv lug'ati.
- Lug'at ma'no nozikligi izohlarini bermaydi. Bu vazifani kollokatsiya, uslub, daraja va misol bajaradi.
Huquqiy holat
Ma'lumotlar bazasi 2026-yil 26-oktabrda O'zbekiston Respublikasi Ma'lumotlar bazasi davlat reestrida ro'yxatdan o'tgan (guvohnoma № BGU 3551).